Lekin Spender harakatga keldi. U terlagan yuzini kafti bilan siladi. U raketaga qaradi va shu zahoti badani qalt-qalt titray ketdi. Titragani shunchalik ediki, sal bo‘lmasa qulab tusha yozdi. Uning yuzi gipnozdan keyingi yoki g‘alati tush ko‘rib uyg‘ongan odamning yuziga o‘xshab ketar edi. Titrog‘ini bosish uchun u o‘tirib oldi.
— Bas qil! Hoziroq! — buyurdi o‘z vujudiga.
Har bir hujayrasi qaqshab titrar edi.
— Bas qil dedim!
Eng so‘nggi titroqni ham siqib chiqarib tashlash uchun u a’zoyi-badanini iroda iskanjasi bilan qattiq qisdi. Endi qo‘llari itoatkor tizzalari uzra tinchgina yotar edi.
U o‘rnidan turdi va shoshmaygina ortmoqlangan oziq-ovqatli xaltachasini orqasiga qulayroq joylab oldi. Bir lahzagina uning qo‘llari yana titrab ketdi, biroq Spender juda qat’iy ravishda: “Yo‘q!” deb buyruq berdi va titroq o‘sha zahoti o‘tib ketdi. So‘ng bitta-bitta odimlab cho‘g‘dek qizil qoyalar orasida bir o‘zi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Olov purkagan quyosh tobora yuqoriga o‘rlab borardi. Bir soatdan keyin kapitan nonushta qilgani raketa ichidan chiqib keldi. U fazogirlar bilan salomlashish uchun og‘iz ochmoqchi ham bo‘lgan ediki, havoda to‘pponcha tutunining yengil hidini payqab, to‘xtab qoldi. Qarasa, oshpaz gavdasi bilan gulxanni qoplab yerda yotibdi. To‘rttala fazogir esa sovib qolgan nonushta oldida o‘tirardi.
Trapdan Parkxill va yana ikki odam tushib keldi. Kapitan ularning yo‘lini to‘sib turar ekan, ko‘zlarini stolda unsiz o‘tirgan odamlardan, ularning gavdalarini g‘alati tutib turishlaridan ololmayotgan edi.
— Hamma odamlarni yig‘ing! — buyruq berdi kapitan.
Parkxill kanal yoqalab yugurib ketdi.
Kapitan qo‘li bilan Cherokini turtdi. Cheroki asta bukildi-da, stuldan yiqilib tushdi. Quyosh nurlaridan uning qattiq sochlari va yuzi yorishib ketdi.
Ekipaj to‘plandi.
— Kim yo‘q?
— Yana o‘sha Spender yo‘q. Biggsni kanaldan topolmadik.
— Spender!
Kapitan uchlari quyoshli osmonga qadalgan tog‘larga qarab qo‘ydi. Quyoshda uning tirjaygan tishlari charaqlab ketdi.
— Jin ursin uni, — horg‘in dedi kapitan. — Nega u mening oldimga kelmadi, u bilan o‘zim gaplashib qo‘yardim.
— Yo‘q, u bilan men gaplashib qo‘yardim! — qichqirdi Parkxill ko‘zlari g‘azabdan chaqnab. — Boshini yorib, miyasining qatig‘ini chiqarardim.
Kapitan Uaylder boshi bilan imlab ikkalasini chaqirdi.
— Belkuraklarni olinglar, — dedi u. Jaziramada yer kavlash o‘limdan qiyin edi. Qurib qolgan dengizdan issiq shamol esar, yuzga changni keltirib urar edi, kapitan bo‘lsa, Injilni varaqlardi. Biroq u kitobni yopdi va belkuraklardan matoga o‘ralgan badanlarga qum ohista shuvullab to‘kila boshladi.
Ular raketa oldiga qaytib borishdi, vintovkalarining zatvorlarini sharaqlatishdi, kamarlariga orqadan granatalar bog‘lab olishdi, to‘pponchaning g‘ilofdan oson sug‘urib olinishini tekshirib ko‘rishdi. Har bir kishiga tog‘ning ma’lum bir joyi ajratilgan edi. Kapitan kim qayoqqa borishini aytib turdi, u ovozini ko‘tarmas, qo‘llari holsiz osilib turardi, qo‘llarini deyarli qimirlatmas edi.
— Ketdik, — dedi u.
Spender vohaning turli chekkalarida chang bulutlari ko‘tarilishini ko‘rib turardi va ta’qib barcha qoidalarga binoan boshlanganini tushundi. U o‘qib turgan yassi kumush kitobini qo‘ydi-da, katta tosh ustiga joylashib o‘tirib oldi. Kitob sahifalari papiros qog‘ozidek nafis, qo‘lda zarhal va qora chiziqlar bilan ishlangan suratli kumush varaqlardan iborat edi. Bu o‘n ming yil ilgarigi, ular uncha katta bo‘lmagan mars qishlog‘ining bir villasida topgan falsafiy risola edi. Spender kitobdan ajralgisi kelmasdi.
U hatto avvaliga: “Arzirmikan? Nima bo‘lsa bo‘ldi, ular kelib meni o‘ldirmagunlaricha o‘tirib, Injil o‘qiyveraman”, deb o‘yladi.
Ertalab u olti odamni otib o‘ldirgandan keyin o‘zini yolg‘iz his etdi, so‘ng ko‘ngli behuzur bo‘ldi va nihoyat vujudini g‘alati xotirjamlik egalladi, ammo bu tuyg‘u ham tez o‘tib ketdi, chunki ta’qibchilarning yo‘lini bildiruvchi changni ko‘rgach, uni yana ayovsiz tuyg‘ular chulg‘adi.
U safar flyagasidan muzdek suv ho‘pladi. Keyin o‘rnidan turdi, kerishdi, esnadi va uni qurshab turgan vohadagi allalovchi sukunatga quloq tutdi. Eh, u va u yoqdan, Yerdan kelgan yana bir necha odam bu yerga kelib o‘rnashib, beg‘am, betashvish yashaganlarida, qandoq yaxshi bo‘lar edi-ya…
Spender bir qo‘liga kitobni oldi, ikkinchisiga esa to‘pponchani. Ro‘parada tagida oppoq toshchalar ko‘rinib turgan, qirg‘oqlarini yirik-yirik xarsanglar qoplagan tezoqar daryo shovullardi. U toshlar ustida yechindi-da, badanini chaygani suvga tushdi. Shoshmasdan suvda yuvinib-chayinib oldi-da, yana chiqib kiyimlarini kiydi va to‘pponchani qo‘liga oldi.
Dastlabki o‘q ovozlari kunduzgi soat uchlarda yangradi. Bu paytga kelib Spender baland tog‘larga chiqib ketgan edi. Orqadan uni ta’qib qilib kelar edilar. Uch mars tog‘ shaharchasi ortda qoldi.