— Qiziqmisiz, Ivan Nikolaevich, sizni kim tanimas ekan? — ajnabiy mehmon shunday deb cho‘ntagidan «Literaturnaya gazeta» ning kechagi sonini chiqardi, shunda Ivan Nikolaevich gazetaning birinchi sahifasida o‘z suratini, surat ostida o‘zi yozgan she’rni ko‘rdi. Biroq kechagina uni xushnud etgan shuhrat va dovruq sababchisi bo‘lmish bu she’r endi shoirni aslo sevintirmadi.
— Meni kechirasiz, — dedi u rangi quv o‘chib ketib, — bir daqiqa sabr qila olmaysizmi? O‘rtog‘imga aytadigan ikki og‘iz omonat gapim bor edi.
— O, bemalol! — dedi notanish kishi. — Bu yer — jo‘ka osti juda halovatli yer ekan, undan keyin, men hech yerga shoshayotganim yo‘q.
— Menga qara, Misha, — pichirladi shoir Berliozni chetroqqa boshlab o‘tib, — u hech qanaqa ajnabiy emas, balki josus. U mamlakatimizga o‘tib olgan rus muhojiri. Tezroq uning hujjatini so‘ra, bo‘lmasa ketib qoladi…
— Shunaqamikin-a? — hayajonli pichirladi Berlioz, o‘zi esa: «Gapi to‘g‘riga o‘xshaydi!» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
— Gapimga ishonaver, — deb Berliozning qulog‘iga xirilladi, — u o‘zini go‘llikka solib, ba’zi narsalarni bilib olmoqchi. Ugshng ruscha qanaqa gapirishini o‘zing eshitding, — shoir pichirlab gapirarkan, notanish odam qochib ketmasin, deb u tomonga ko‘z qirini tashlab turardi, — yur, uni qo‘lga olamiz, qochib qolmasidan…
Keyin shoir Berliozni qo‘lidan ushlab, uni skameyka tomon boshladi.
Begona kishi endi skameykadan turgan, qo‘lida to‘q kulrang muqovali qandaydir guvohnoma, sifatli qalin qog‘ozdan ishlangan konvert va tashrifnoma ushlab turardi.
— Meni kechiringlar, mubohasaga berilib ketib, o‘zimni tanitishni unutibman. Mana mening tashrifnomam, pasportim va Moskvaga konsultatsiyaga chaqirilgapim haqida taklifnoma, — deb notanish kishi ikkala adabiyotchiga o‘tkir ko‘zlariii tikkancha keskin-keskin gapirdi.
Shunda ikki do‘st xijolat bo‘lib qoldi. «Obbo, hamma gapni eshitipti-yu…» — deb o‘yladi Berlioz va muloyim ishora bilan hujjat ko‘rsatishning hojati yo‘qligini bildirdi. Ajnabiy mehmop xujjatlarini muharrirga uzatayotgan chog‘da, tashrifnomadagi ajnabiy tilda «professor» deb yozilgan so‘zga va familiyasining bosh harfi — («V»)ga shoirning ko‘zi tushib qolgan edi.
Bu asnoda, muharrir xijil bo‘lib:
— G‘oyat xursandman, — deb g‘o‘ldiradi, xorijlik kishi hujjatlarini yana cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Shu yo‘sinda munosabat qayta tiklandi-yu uchovlari yana skameykaga o‘tirishdi.
— Siz mamlakatimizga konsultant sifatida taklif qilinganmisiz, professor? — so‘radi Berlioz.
— Ha, konsultantman.
— Siz — nemismisiz? — deb surishtirdi Bezdomniy.
— Menmi?.. — takror so‘radi professor va birdan chuqur o‘yga toldi. — Ha, nemis desayam bo‘ladi…
— Ruscha juda yaxshi gapirarkansiz, — e’tirof etdi Bezdomniy.
— O, men umuman poliglotman, juda ko‘p tilni bilaman, — javob qildi professor.
— Qay sohadan mutaxassissiz? — deb so‘radi Bezdomniy.
— Men jodu bo‘yicha mutaxassisman.
«Shu yetmay turuvdi!..» — degan fikr Mixail Aleksandrovichning miyasiga sanchikday urildi.
— Siz… sizni shu soha bo‘yicha taklif qilishganmi mamlakatimizga? — duduqlanib so‘radi u.
— Ha, shu soha bo‘yicha, — deb tasdiqladi professor va fikrini izohlay boshladi: — Bu yerdagi davlat kutubxonasida o‘ninchi asrda yashagan afsungar Her-bert Avrilakskiyning asl qo‘lyozmalari topilgan. Shularni tahlil qilishni so‘rashyapti mendan. Bu sohada men dunyoda yagona mutaxassisman.
— A-a! Tarixchi ekansiz-da? — yengil tin olib, hurmat bilan so‘radi Berlioz.
— Ha, tarixchiman, — tasdiqladi olim, so‘ng xuddi tomdan tarasha tushganday ilova qildi: — Bugun kechqurun Patriarx ko‘lida alomat voqea sodir bo‘ladi!
Muharrir bilan shoir yana hayratlanishdi, professor esa ularni o‘ziga tomon imladi, ikki do‘st engashib, unga quloq tutganda, shunday deb pichirladi:
— Esingizda bo‘lsin, Iso bo‘lgan.
— Bilasizmi, professor, — dedi Berlioz zo‘rma-zo‘raki jilmayib, — biz sizning benazir bilimingizni hurmat qilamiz, ammo biz bu masalada o‘zgacha nuqtai nazarga egamiz.
— Hech qanday nuqtai nazarning keragi yo‘q! — javob qildi alomat professor. — U bo‘lgan, vassalom.
— Axir buning uchun qandaydir isbot kerak-ku… — deb gap boshladi Berlioz.
— Hech qandy isbotning hojati yo‘q, — deb javob qildi professor va past ovoz bilan gapira boshladi, ammo uning tilidagi ajnabiylarga xos talaffuz negadir endi yo‘qolgan edi: — Buning hech taajjub qiladigan yeri yo‘q! Egniga qirmizi astarli oq rido kiygan…
Ikkinchi bob
PONTIY PILAT
Egniga qirmizi astarli oq rido kiygan Iudeya prokuratori Pontiy Pilat bahorgi nison oyining o‘n to‘rtinchi kuni ertalab barvaqt Buyuk Irod qasrining ikki qanoti o‘rtasidagi usti yopiq ustunlar poyiga xuddi suvoriy kabi poshnasini sudrab chiqib keldi.