Biroq bola kanal yoqalab shahar tomon chopib borardi.
— Qayoqqa ketdi u? — so‘radi Enn; u qolgan likopchalarni yig‘ishtirib olgani kelgan edi.
U erining yuziga qaradi.
— Bir narsa deb qo‘rqitib yubordingmi uni?
— Enn, — dedi chol xotinining qo‘lidan tutib, — Enn, Grin-Lon-Park esingdadir, yarmarkani va Tomning o‘pkasi shamollab og‘rib qolganini eslarsan?
— Nega bunday deyapsan? — ayol kuldi.
— Shundoq o‘zim, — sekin javob berdi chol.
Uzoqda kanal yoqalab chopib borayotgan Tomning oyoqlari ostidan ko‘tarilgan chang asta cho‘kmoqda edi.
Kechqurun soat beshda kun botishda Tom qaytib keldi. U xavotir bilan otasiga qarab qo‘ydi.
— Tag‘in meni so‘roq qila boshladingizmi?
— Hech qanday savol yo‘q, — dedi Lafarj.
Bola oppoq tishlarini charaqlatib iljaydi.
— Mana bu boshqa gap.
— Qaerda eding?
— Shahar yonida. Bir qolib ketmoqchi ham bo‘ldim. Sal bo‘lmasa meni… — u kerakli so‘zni topolmay chaynaldi. — Men sal bo‘lmasa tuzoqqa tushib qolayozdim.
— “Tuzoqqa” deganing nimasi?
— Anovi kanalning yoqasida kichikkina temir uy bor, shuning yonidan o‘tayotsam, meni sal bo‘lmasa tutib qolishayozdi… shundan keyin men bu yerga, sizlarning oldingizga umuman qaytolmasligim mumkin edi. Sizlarga qanday tushuntirishni ham bilmayman, so‘z topolmayapman, qanday aytib berishni ham bilmayapman, nima bo‘lganini o‘zim tushunmayman, bu shunday qiziqki, sizlarga gapirib bersam, deyman.
— Gapirib bermay qo‘yaqol. Yaxshisi, borib yuvin. Ovqat mahali bo‘ldi.
Bola yuvingani chopib ketdi.
O’n daqiqalardan keyin kanalning tinch sathida daroz va ozg‘in, sochlari qop-qora odam eshayotgan eshkak zarblaridan ravon suzib kelayotgan bir qayiq ko‘rindi.
— Salom, Lafarj og‘ayni, — dedi u qayiqni to‘xtata turib.
— Salom, Saul, nima gaplar?
— Gapdan ko‘pi yo‘q. Nomlendni bilarsan — kanaldagi Jez saroychada yashaydi-ku, o‘sha.
Lafarj tosh qotib qoldi.
— Bilaman, nima edi?
— Uning qanaqa yaramas ekanligini ham bilarsan?
— Aytishlaricha, u bir odamni o‘ldirib qo‘yib, shundan Yerni tashlab ketgan ekan.
Saul ho‘l eshkakka suyangancha Lafarjga diqqat bilan qaradi.
— U o‘ldirgan odamning ism-sharifi esingdami?
— Gillings edi-yov.
— Xuddi shunday, Gillings. Gap bunday! Ikki soatlarcha oldin mana shu Nomlend degani Gillingsni ko‘rdim, deb shaharga qichqirib kirib keldi. Shu yerda, Marsda yashayapmiz, dedi. Bugun eshitdim, hozir eshitib kelayapman! Gillingsdan qochib yashirinish uchun u yoqda uni turmaga tiqishlarini iltimos qilibdi. Lekin uni turmaga qo‘yishmabdi. Shunda Nomlend uyiga ketibdi va yigirma daqiqa oldin — odamlar menga aytishdi — o‘zini peshonasidan otib tashlabdi. Men hozir o‘sha yerdan kelayapman.
— Ana, xolos, — dedi Lafarj.
— Dunyoning ishlari shunaqa qiziq bo‘lar ekan-da! — quvvatladi uni Saul. — Bo‘pti, Lafarj, hozircha xayr.
— Xayr.
Qayiq yana kanalning tinch sathidan oldinga suzib ketdi.
— Ovqat tayyor, — qichqirdi missis Lafarj.
Mister Lafarj joyiga kelib o‘tirdi va pichoqni olib, stol osha Tomga qarab qo‘ydi.
— Tom, — dedi u, — bugun kechqurun nima qilding?
— Hech nima, — javob berdi Tom ovqat to‘la og‘zi bilan. — Nima edi?
— Ha, yo‘q, shunchaki so‘radim-da. — Chol salfetka burchagini ko‘ylagi yoqasi ichiga tiqdi.
Kechqurun soat yettida missis Lafarj shaharga otlandi.
— Necha oydan beri shaharda bo‘lganim yo‘q, — dedi u.
Tom borishdan bosh tortdi.
— Men shahardan qo‘rqaman, — dedi u. — Odamlardan qo‘rqaman. Oyog‘im tortmayapti.
— Katta yigit bo‘lib qolgansan. Shu ham gap bo‘ldi-yu! — yon bermay dedi Enn. — Gapirma bunaqa gaplarni. Biz bilan borasan. Buni men aytayapman.
— Axir, Enn, bola o‘zi xohlamasa… — oraga suquldi chol.
Biroq missis Lafarj aytganida turib oldi. U deyarlik kuch bilan ota-bolani qayiqqa sudrab tushirdi va barchalari birgalikda oqshom yulduzlari charaqlab turganda kanal bo‘ylab yo‘lga tushishdi. Tom ko‘zlarini yumib, chalqancha yotardi, uni uxlayaptimi yoki yo‘qligini hech kim aytolmasdi. Chol o‘zicha mulohaza qilgan ko‘yi unga tikilib qaradi. “Bu kim bo‘ldi, — o‘yladi u, — muhabbatga bizdan ham tashnaroq bo‘lgan bu qanday zot? Kim u? Va nima u? — Yolg‘izlikdan jon saqlagani unga yot bo‘lgan xilqatlar davrasiga keldi, odam qiyofasiga va ovoziga ega bo‘ldi, unday odamlar bizning oramizda qolgani va nihoyat o‘z baxtini bizning e’tirofimizda topgani faqat xotiramizdagina yashar edilar. U qay palladan buyon qaysi g‘ordan chiqib kelgani, u Yerdan raketalar uchib kelganda bu olamga kelib-o‘rnashgan qaysi xalqning zuryodi bo‘ldi?” Lafarj boshini chayqadi. Buni bilib bo‘lmaydi. Bundoq qarasang, qaysi tomonga nazar solmagin — u Tom, vassalom.