Chol nigohini yaqinlashib kelayotgan shaharga qaratdi va unga nisbatan ko‘nglida noxush tuyg‘uni his etdi. Biroq, keyin u yana Tom va Enn haqida o‘ylay boshladi va o‘ziga-o‘zi dedi: “Balki, agar baribir g‘am va qayg‘udan boshqa hech narsa chiqmaydigan bo‘lsa, oz muddatga bo‘lsa-da, Tomni yonida olib qolish noto‘g‘ridir… Biroq biz bu qadar orzu qilgan narsadan qanday voz kechish mumkin? Garchi bu bir kunlikkina narsa bo‘lsa-da, keyin u g‘oyib bo‘ladi, bo‘shliq yanada dahshatliroq tus oladi, qora tunlar — yana qoraroq, yomg‘irli tunlar — yanada namroq bo‘lib ketadi… Bizni bundan mahrum etish — og‘zimizdagi bir bo‘lak luqmani sug‘urib olishga urinish bilan barobar.”
U yana qayiq tubida beg‘am mudrab yotgan yigitchaga qarab qo‘ydi. Tom uyqusida hiq etib qo‘ydi; tush ko‘rayotgan bo‘lsa kerak.
— Odamlar, — g‘udrandi Tom uyqusida. — O’zgarayapman, o‘zgarayapman… Qopqon…
— Bo‘ldi, bo‘ldi, yigitcha. — Lafarj uning yumshoq jingalak sochidan silab qo‘ydi va Tom tinchlandi.
Lafarj o‘g‘li va xotiniga qayiqdan qirg‘oqqa chiqib olgani yordamlashib yubordi.
— Mana, yetib keldik! — Enn charaqlagan chiroqlarga qaragan, tabernalar sadosiga quloq solgan, pianino va patefonlar ovozidan zavqlangan, gavjum ko‘chalardan bir-birini qo‘ltiqlab yurgan juftlarga havas bilan qaragancha jilmaydi:
— Men uyda qolsam yaxshi bo‘lardi, — dedi Tom.
— Ilgari bunaqa demasding, e’tiroz bildirdi ona. — Shanba kunlari kechqurun shaharga borishga doim intiq bo‘larding-ku.
— Menga yaqinroq turing, — shivirladi Tom. — Meni tutib olishlarini istamayman.
Enn uning gaplarini eshitib turardi.
— Nimalar deb valdirayapsan, ketdik!
Lafarj bolaning barmoqlari uning kaftiga yopishganini sezib, qattiq qisdi.
— Men sen bilanman, Tommi. — U yonlaridan suqulib kelayotgan olomonga qaradi-da, uning ham ko‘ngli g‘ash tortdi. — Biz bu yerda uzoq qolmaymiz.
— Bekorlarni aytibsiz, — gapga qo‘shildi Enn. — Biz butun oqshomni o‘tkazgani kelganmiz.
Ko‘chaning narigi tomoniga o‘tib, ular uch nafar mastga yo‘liqishdi. Ularni turtishdi, aylantirishdi, bir-biridan ajratishdi; atrofga alanglab, Lafarj tosh qotib qoldi.
Tom yo‘q edi.
— Qani u? — jahl bilan so‘radi Enn. — Bu qanaqa qiliq bo‘ldi — ko‘zingni shamg‘alat qiladi-da, ota-onasini tashlab qochadi! Tom!
Yo‘lovchilarni turtib-surtib mister Lafarj chor atrofga chopa boshladi. Biroq, Tomdan dom-darak yo‘q edi.
— Qaytib keladi, mana ko‘rasan, uyga ketayotganimizda qayiq oldida kutib turgan bo‘ladi, — ishonch bilan dedi Enn erini kinoteatr tomon yetaklagancha.
Birdan olomon orasida g‘ala-g‘ovur boshlandi va Lafarjning yonidan bir erkak va bir ayol chopib o‘tdi. U ularni tanidi: Jo Spolding xotini bilan. Lafarj og‘iz ochib, ularga gapirgunicha ham bo‘lmay, ikkovi ham ko‘zdan yo‘qoldi.
Xavotir bilan atrofga alanglagancha u chiptalar sotib oldi va xotiniga itoatkorona ergashgancha qop-qora kinozalning ichiga kirib ketdi.
Soat o‘n birda qayiq yonida Tom yo‘q edi.
— Hechqisi yo‘q, onasi, — dedi Lafarj, — faqat hayajonlanma. Men uni topaman. Shu yerda kutib tur.
— Tezroq qaytgin-da.
Ayolning ovozi suvning shaloplashi tagida qolib ketdi.
Chol qo‘llarini cho‘ntaklariga tiqqancha tungi ko‘chalardan yurib borardi. Chiroqlar birma-bir o‘cha boshladi. Allaqaerda derazalardan odamlarning gavdalari ko‘rinardi. Garchi osmonda yulduzlar orasida yomg‘irli bulut parchalari hamon suzib yursa-da, tun iliq edi. Lafarj o‘g‘lining qandaydir tuzoq haqida qayta-qayta gapirganini, uning olomon va shaharlardan qo‘rqishini esladi. “Bu qanday noshudlik, — horg‘in o‘yladi chol. — Balki, bola butunlay qochib ketgandir. Balki, u umuman bo‘lmagandir…” Lafarj uylarning raqamlariga bir-bir ko‘z solgancha muyulishdan burildi.
— Senmisan, Lafarj?
Ostonada trubka chekib, bir erkak o‘tirardi.
— Salom, Mayk.
— Ha, xotining bilan g‘ijillashib qoldingmi? Asabni tinchitgani, shamollagani chiqdingmi?
— He-yo‘q, shunchaki aylanib yuribman.
— Turqingdan nimanidir qidirayotgandaysan. Ha, darvoqe, topildiqlar haqida. Bugun kechqurun kimdir torpilibdi. Jo Spoldingni bilasanmi? Qizi Laviniya esingdami?
— Esimda, — Lafarj muzdek bo‘ldi. Bu go‘yo ikkinchi marta ko‘rayotgan tushga o‘xshardi. Bundan keyin nima deyilishi kerakligini ham u aniq bilib turardi.
— Laviniya bugun kechqurun uyga qaytdi, — dedi Mayk tutunni puflab. — Uning bir oy burun O’lik dengiz tagida adashib qolgani esingdami? Keyin uning jasadini topishdi, harholda uniki bo‘lsa kerak, juda dabdala qilib tashlashgan ekan-da… Shundan beri Spoldinglar o‘zlariga kelganlaricha yo‘q. Jo qaerga borsa, yo‘q, qizim tirik, bu uning jasadi emas, deydi. Mana, u haq bo‘lib chiqdi. Bugun Laviniya paydo bo‘ldi.
— Qaerda? — Lafarj og‘ir-og‘ir nafas olar, yuragi duk-duk qilardi.
— Katta ko‘chada. Spoldinglar kinoga chipta olib turishgan ekan. Birdan olomon ichida Laviniyani ko‘rib qolishibdi. Qanaqa tomosha bo‘lganini o‘zing bilaver. Avvaliga qiz ularni tanimabdi. Uch mahallacha orqasidan yurib borishibdi, ular gapiraverishibdi-gapiraverishibdi, oxiri qiz eslabdi.
— Qizni o‘zing ko‘rdingmi?