Читаем Marsga hujum полностью

— Yo‘q, ammo uning ovozini eshitdim. Esingdami, u “Lomond ko‘lining ajoyib sohili” qo‘shig‘ini aytishni yaxshi ko‘rardi? Shunday qilib desang, yaqinginada men uning shu qo‘shiqni otasiga aytib turganini eshitdim, hov, ana ularning uyi. Shunaqayam kuylaydiki, qoyil qolasan! Xudo bergan qiz.

Uning o‘lganini eshitganimdan beri bu qanday ko‘rgulik deb o‘zimga kelolmayman. Mana, qaytib kelib, biram yengil tortdimki. Ie, tobing yo‘qqa o‘xshayapti, bu yoqqa kel-chi, bir qultum viskidan otib ol!

— Rahmat, Mayk. Boshqa safar. — Chol u yerdan ketdi.

Orqadan Maykning xayrli tun tilab qolganini eshitsa-da, javob bermadi, balki nigohini baland billur tomiga Mars gullarining cho‘g‘dek qatlami yastlangan ikki qavatli uyga qadab olgan edi. Bog‘ uzra jingalak panjarali balkon osilib turar, ikkinchi qavat derazalarida chiroq yonib turardi. Vaqt allamahal bo‘lsa-da, baribir u ko‘nglidan o‘tkazdi: “Agar Tomni olib bormasam, Enning ahvoli nima kechadi?

Yangi zarba — yana o‘lim. Bunga bardosh bera olarmikan? Birinchi o‘limini eslarmikan?.. Mana bu o‘ngida bo‘layotgan bu tushni ham eslarmikan? Mana bu to‘satdan sodir bo‘lgan ayriliqni-chi? Ey xudo, Enn uchun Tomni topmasam bo‘lmaydi! Sho‘rlik Enn, u qayiq yonida kutib o‘tiribdi-ya…”

Chol boshini ko‘tardi. Allaqaerda balandlikda ovozlar quvnoq ohangda bir-biriga xayrli tun tilar, eshiklar yopilar, chiroqlar o‘char va past ovozda aytilayotgan qo‘shiq tinimsiz quloqqa chalinar edi. Bir lahza o‘tib, balkonga 18 yoshlardagi yoqimtoygina qizcha chiqdi.

Lafarj kuchli shamolga bas kelgancha, qizni chaqirdi.

Qiz burilib pastga qaradi.

— Kimsiz? — qichqirdi qiz.

— Bu men, — dedi chol unga. G’alati, o‘ylamay javob berganini anglab, u tutilib qoldi, faqat lablari unsiz pirpirardi.

“Tom o‘g‘lim, men otangman” deb qichqirsamikan? Qizga nima desa ekan? Tag‘in u biron telba-pelba deb o‘ylab ota-onasini chaqirib yurmasin.

Qiz muzdek g‘ira-shira yorug‘likda gavdasini panjara osha chiqarib egildi.

— Men sizni bilaman, — yumshoqqina javob berdi qiz. — Iltimos, keting. Siz bu yerda hech nima qilolmaysiz.

— Sen qaytishing kerak! — Lafarj shuncha urinsa ham o‘zini tutib turolmay, beixtiyor qichqirdi.

Oydindagi odam qiyofasi yuqorida qorong‘ilik ichiga chekindi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, faqat tovushi quloqqa chalinardi.

— Men endi sizning o‘g‘lingiz emasman, — dedi tovush. — Nima uchun shaharga ketdik biz?

— Oying seni sohilda kutib turibdi!

— Meni kechiring, — javob berdi ohista tovush. — Ammo nima ham qila olardim? Bu yerda men baxtliman, xuddi sizlardek meni sevishadi. Men o‘z holimcha menman, berganlarini olaman. Endi kech: ular meni asir olishdi.

— Ammo Enn haqida o‘ylasang-chi, bu unga qanday zarba bo‘lishini bilasanmi?..

— Bu uydagi fikrlar haddan tashqari kuchli, men xuddi qamoqda yotgandekman. Men o‘zim o‘zimcha o‘zgarolmayman.

— Ammo sen Tomsan-ku, hozir qiz bola bo‘lsang ham oldin Tom eding-ku, to‘g‘rimi?! Yoki sen cholni masxara qilayotibsanmi? — balki haqiqatan ham sen Laviniya Spoldingdirsan?

— Men unisi ham, bunisi ham emasman, men faqat menman. Ammo qaerga bormay, men yana qandaydir boshqacha hamman va hozir siz mana shu boshqachani o‘zgartirishga qodir emassiz.

— Sening shaharda qolishing xatarli. O’zimizning kanalda yaxshi, u yerda seni hech kim xafa qilmaydi, — yolvorardi chol.

— To‘g‘ri… — ovoz ikkilanib javob berdi. — Ammo men bu yerdagi odamlar bilan hisoblashishga majburman. Ertalab mening g‘oyib bo‘lganimni ko‘rishsa ularning holi nima kechishini bilasizmi?

Tag‘in hamishalikka-ya. To‘g‘ri, oyim mening kimligimni biladilar, — sizga o‘xshab aqllari yetadi.

Menga ular hamma narsani bilib olganga o‘xshab ko‘rinadilar, faqat so‘rashni istashmayapti. Arvohga savol bermaydilar. Agar bor narsaga ega bo‘lish qiyin ekan, bunda orzuning nima yomon joyi bor?

Men ular yo‘qotgan men bo‘lmay qo‘ya qolay, ular uchun men hatto ularning orzulari yaratgan eng go‘zal orzudan ham yaxshiroqdir. Oldimda ikki yo‘l turibdi: yo ularning dilini og‘ritishim kerak, yoki sizning xotiningizning dilini og‘ritishim kerak.

— Ularning oilasi katta, besh nafar. Ular bu yo‘qotishga bardosh bera oladilar!

— Iltimos, — ovoz titradi, — men charchadim.

Cholning ovozi qat’iylashdi.

— Sen biz bilan ketishing kerak. Men Enniga ortiq azob berishni istamayman. Sen bizning o‘g‘limizsan. Sen mening o‘g‘limsan, sen menikisan.

— Keragi yo‘q, iltimos! — balkondagi soya titrar edi.

— Seni bu uy va uning egalari bilan hech narsa bog‘lab turgani yo‘q.

— E-ha, siz meni nima qilayapsiz?

— Tom, Tom, o‘g‘lim, quloq sol. Tezroq uyga qaytib kel, ha, mana bu chirmovuqdan osilib tush.

Ketdik, Enn kutayapti, sening o‘z uying bo‘ladi, nima xohlasang hammasi muhayyo bo‘ladi.

Lafarj mo‘‘jiza ro‘y berishini jon-dili bilan istagancha va intiq bo‘lgancha ko‘zlarini balkondan olmasdi…

Soyalar chayqalar, chirmovuqlar shitirlar edi.

Nihoyat past ovoz quloqqa chalindi:

— Yaxshi, ota.

— Tom!

Oy nurida chirmovuqlardan chaqqon o‘g‘il bola qiyofasi sirg‘alib tushdi. Lafarj quchoqlamoqchi bo‘lib qo‘llarini ko‘tardi.

Tepadagi derazalarda charaqlab chiroq yondi.

Перейти на страницу:

Похожие книги