— Buni senga bemalol aytishim mumkin, — dedi Pilat, — zero, o‘zim buning shohidi bo‘lganman. O‘sha sen aytgan saxovatli odamlar unga xuddi ayiqqa hamla qilgan ko‘ppaklardek tashlanishgandi. Olomon uning bo‘g‘ziga, qo‘l va oyoqlariga yopishib olgandi. Piyodalar manitsuli qurshovga tushib qolgan edi, o‘shanda men qo‘mondonlik qilgan otliq qo‘shin yon tomondan qurshovni yorib kirmaganda edi, seiga, faylasuf, bugun Kalamushkush bilan suhbatlashish nasib etmagan bo‘lardi. Bu hol Idistavizo yaqinida, Parilar Vodiysida bo‘lgan jangda yuz bergan edi.
— Men u bilan suhbatlashsam, — o‘ychanlik bilan dedi birdan mahbus, — aminmanki, u fe’lini keskin o‘zgartirgan bo‘lardi.
— O‘ylaymanki, — dedi Pilat, — hatto agar qo‘shin ofitserlari yo soldatlaridan birontasi bilan suhbatlashganingda ham, bu raftoring bilan sarkardani qattiq ranjitgan bo‘larding. Xayriyatki, sening ham, sarkardaning ham baxtiga bunday suhbat sodir bo‘lmaydi, birinchi navbatda o‘zim bunga yo‘l qo‘ymayman.
Shu payt ustunlar sahniga bir qaldirg‘och o‘qdek uchib kirib, oltin gumbaz ostida bir marta charx urib uchdi-yu, so‘ng pasayib tokchaga o‘rnatilgap mis haykalning yonginasidan «g‘uv» etib o‘tib, ustun bo‘g‘oti panasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ehtimol, o‘sha yerga in qurmoqchi bo‘lgandir.
Mana shu qaldirg‘och parvozi davomida prokurator boyakish endi og‘riqdap forig‘ bo‘lgan, dono boshida shunday bir qaror vujudga keldi: igemon Ha-Notsri laqabli sayoq faylasuf Ieshuaning ishini ko‘rib chiqib, uning faoliyatidan jinoyat topmadi. Xususan, Ieshuaning xatti-harakati bilan yaqinda Yershalaimda yuz bergan tartibsizliklar o‘rtasida hech qanday munosabat yo‘qligini aniqladi. Sayoq faylasufning ruhiy bemorligi ma’lum bo‘ldi. Binobarin, Kichik Sinedrionning Ha-Notsri ustidan chiqarilgan o‘lim hukmini prokurator tasdiqlamaydi. Lekin Ha-Notsrining telbalik dardi, utopik nutqlari Yershalaimda xalq g‘alayonlariga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘zda tutib, prokurator Ieshuani Yershalaimdan chetlatadi va O‘rta Yer dengizidagi Straton Qaysariyasida, ya’ni prokuraturaning qarorgohi joylashgan orolda qamoqqa hukm etadi.
Hukm tayyor. Endi uni kotibga aytib yozdirishgina qolgan edi.
Qaldirg‘och igemonning shundoqqina boshi ustidan qanotlarini pirillatib o‘tib, o‘zini favvora hovuzchasiga urdi, so‘ng keng fazoga parvoz qildi. Prokurator boshini ko‘tarib mahbusga qaragan edi, uning atrofida quyosh shu’lasiga g‘arq bo‘lgan changning to‘zon bo‘lib ko‘tarilganini ko‘rdi.
— Hammasi shuning to‘g‘risidami? — so‘radi Pilat kotibdan.
— Taassufki, yo‘q, — dedi kutilmaganda kotib va Pilatga boshqa bir pergamentni uzatdi.
— Nima gap ekan yana? — so‘radi Pilat va qovog‘ini solib oldi. U uzatilgan pergamentni o‘qib chiqdiyu rangi o‘zgarib ketdi. Bo‘yni va yuziga qora qon quyildimi yo boshqa bir hol yuz berdimi, har qalay, rangidagi sarg‘ishlik o‘zgarib qo‘ng‘ir tus oldi, ko‘zlari esa ich-ichiga kirib ketganday bo‘ldi.
Chamasi, hamma ayb chakkasiga quyilib, qattiq-qattiq tepa boshlagan qonda edi, ammo prokuraturning ko‘zlariga bir nima bo‘ldi. Mahbusning boshi allaqayoqlarga uchib ketib, o‘rnida boshqa kalla paydo bo‘lganday ko‘rindi uning ko‘ziga. Bu kal bosh bo‘lib, unga kungurasi siyrak oltin toj qo‘ndirilgan edi; uning manglay terisini o‘yib yuborgan doira shaklidagi yaraga malham surilgan; bitta ham tishi qolmagan og‘zi o‘pirilib, pastki labi injiqlik qilayotganday osilib qolgan edi. Shu mahal ravondagi pushtirang ustunlar va qasr poyidagi bog‘ning nariyog‘idan boshlab, olis-olislarga cho‘zilib ketgan Yershalaim tomlari Pilatning ko‘zidan g‘oyib bo‘lib, atrofdagi hamma narsalar Kapreya bog‘larining yam-yashil daraxtlari bilan burkanganday bo‘lib tuyuldi. Uning qulog‘iga ham juda g‘alati narsalar eshitila boshladi — go‘yo kimdir juda olisda turib ohista, ammo tahdidona tarzda karnay chalganday bo‘ldi, kimningdir har bir so‘zni cho‘zib-cho‘zib takabburona ohangda dimog‘ bilan: «Ulug‘ zotlarni tahqirlash haqida qonun», degan gapi juda aniq eshitildi.
Pilatning xayolidan kalta-kulta, poyintar-soyintar va g‘ayrioddiy fikrlar lip-lip o‘ta boshladi: «Halok bo‘ldi!», keyin: «Halok bo‘lishdi!..» Undan so‘ng shu ayqash-uyqash fikrlar orasida qandaydir — va kimningdir?! — muqarrar boqiyligi haqida mutlaqo bema’ni fikr ham vujudga keldiki, bu boqiylik negadir uning yuragini ziq qilib yubordi.
Pilat nihoyat o‘zini qo‘lga olib xayolotni daf qildi, o‘zini yana ravonda ko‘rdi, yana uning qarshisida mahbusning ko‘zlari chaqnab turardi.
— Quloq sol, Ha-Notsri, — deb gap boshladi prokurator Ieshuaga juda g‘alati tarzda tikilib: uning chehrasi mudhish, ammo ko‘zlari hayajonda edi, — sen buyuk qaysarimiz haqida biron yerda biron nima deganmiding? Javob ber! Gapirganmiding?.. Yoki… gapirganing… yo‘q… mi? — Pilat «yo‘q» so‘zini sud paytida beriladigan savoldagi «yo‘q» qa nisbatan bir qadar cho‘zibroq talaffuz qildi va mahbusga uqtirmoqchi bo‘lgan fikrini ko‘z qarashi bilan izohladi.
— Haq gapni gapirish ham oson, ham maroqli, — dedi mahbus.